XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Turkiya

XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Turkiya

32-§.
Turkiyaning ijtimoiy- iqtisodiy ahvoli
Turkiya monarxiya bo‘lib, uni sulton boshqarardi. Mamlakatda o‘rta asr feodal tartiblari hukmron edi.
Turkiya iqtisodining asosini tashkil qilgan qishloq xo‘jaligi ni- hoyatda orqada qolgan edi. Haydaladigan yerlarning 65%i katta yer egalari va ruhoniylarga qarashli bo‘lib, u yersiz va kam yerli dehqonlarga ijaraga berilardi. Mehnat unumdorligi kam bo‘lganligi uchun, 1873—1875-yillardagi kuchli ocharchilik oqibatida ko‘plab odamlar qirilib ketdi.
Shahar aholisining ham ahvoli og‘irlashdi. Hunarmandchilik tushkunlikka uchradi. Eski tartiblar va xorijiy tovarlarning ko‘pli- gi mamlakatda iqtisodiyotning taraqqiyotiga to‘siq bo‘ldi. Sanoatda o‘sish yo‘q edi. Chunki, sanoat uchun qishloq xo‘jaligi zarur xomashyo yetkazib berishga qodir emas edi.
Sulton hukumati o‘zining moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun chet eldan qarz ola boshladi. Chunonchi, 1870—1874-yillarda 3 mlrd. frankdan ortiq asoratli qarz olindi.
Davlatning moliyaviy ahvoli halokat yoqasiga kelib qoldi. Tashqi qarz yanada ko‘payib, 5,5 mlrd. frankka yetdi. 1876-yilda hukumat Turkiyani moliyaviy bankrot deb e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
112

Og‘ir iqtisodiy ahvol bora-bora Turkiyani chet el davlatlarining yarimmustamlakasiga aylantirdi. Yevropa davlatlari imperiyaning mustamlakalarini tortib ola boshladilar. Faqat Germaniya impe- riyadan ulush ololmagan davlat edi. Shuning uchun ham Turkiya hukumati XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Germaniya bilan yaqinlashdi.
Germaniya kapitali katta muvaffaqiyatni qo‘lga kiritdi. 1888-yili bo‘lajak Bag‘dod temiryo‘li loyihasining Izmir — Anqara qismini qurish ularga tegdi. 1903-yili nemislar bu loyihani (Bag‘dod orqali Fors qo‘ltig‘igacha temiryo‘l qurish) to‘la qo‘lga kiritdi.
Konstitutsiyaviy monarxiya uchun kurash
Turkiya 1875-yilda qarzlar uchun yiliga 570 mln. frankdan ortiq foiz to‘lashi lozim edi. Davlatning daromadi esa 380 mln. frankni tashkil etdi.
Turkiya qarzni to‘lash u yoqda tursin, ishlovchilarning ish haqini to‘lashga ham qodir bo‘lmay qoldi. Oqibatda, xalq ommasining turmush darajasi nihoyatda yomonlashdi. Shunday sharoitda „Yangi usmonlilar harakati“ vujudga keldi. Bu harakat a’zolari sulton hokimiyatini tugatish g‘oyasini ilgari surdilar. Harakatning „Ibrat“ gazetasi ilg‘or demokratik g‘oyalar tar- g‘ibotchisiga aylandi. Millatparvar ziyolilar, ilg‘or fikrli amaldorlar va zobitlar ham bu harakatga qo‘shildilar.
Mamlakatda sulton hokimiyatini tugatish g‘oyasi shakllandi.
1876-yilda xalq qo‘zg‘oloni boshlandi. Xalq qo‘zg‘oloni hukm- ron tabaqalarni qo‘rqitib yubordi. Oqibatda, 1876-yilning 22- mayida Abdulaziz, Shayx ul-Islom fatvosi bilan taxtdan tushirildi. Bir qancha vaqtdan so‘ng taxtni Abdulhamid II egalladi.
1876-yil 23-dekabrda Turkiyada konstitutsiya e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatda ikki palatali parlament joriy etildi. Quyi palata Deputatlar palatasi deb, yuqori palata esa Senat deb ataldi. Konstitutsiya sultonga katta vakolatlar berdi. Fuqarolarning juda oz qismigina saylov huquqiga ega bo‘ldi.
„Birlik va taraqqiyot“ partiyasining hokimiyatga kelishi
Abdulhamid II davri Turkiya tarixida „zulm davri“ nomini oldi. Sulton tez orada parla- mentni tarqatib yubordi. Konstitutsiya ta- rafdorlarini quvg‘in qildi. Ularning ko‘pi
o‘limga hukm qilindi. Mamlakat jaholat zulmatida qoldi. 1889-yili Istanbulda harbiy-tibbiy bilim yurti kursantlari yashirin „Birlik va taraqqiyot“ tashkilotini tuzdilar. Tashkilotning sho‘balari butun Turkiyaga tarqaldi va mamlakatda konstitutsiyaviy tartib o‘rnatish
8 — Jahon tarixi, 9- sinf 113

haqida tashviqot boshlandi. Keyinchalik, bu jamiyat kuchli siyosiy partiyaga aylandi. Sulton Abdulhamid II 1897-yili tashkilot ustidan sud uyushtirdi. 13 kishi o‘limga hukm qilindi. „Birlik va taraqqiyot“ partiyasi a’zolari va shunga o‘xshash siyosiy to‘garakka ishtirok etganlar umumiy nom bilan „Yosh turklar“ deb ataldi.
„Yosh turklar“ 1902-yilda Parij shahrida o‘zlarining birinchi qurultoyini o‘tkazdilar. Unda bekor qilingan konstitutsiyani tiklash haqida qaror qabul qilindi.
1907—1908-yillarda Turkiyada inqilobiy vaziyat yuzaga keldi. 1908-yil 3-iyul kuni „Yosh turklar“dan bo‘lgan qo‘shin zobitlari rahbarligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Unga Niyozbiy rahbarlik qildi. U „Birlik va taraqqiyot“ partiyasi a’zosi, harbiy garnizon qo‘- mondoni edi. 1908-yil 20-iyulda Monastir shahrida „Birlik va taraqqiyot“ partiyasi tantanali bir vaziyatda konstitutsiya tiklan- ganligini e’lon qildi va sultondan bu masalada farmon berishni talab qildi. Qo‘shin „Yosh turklar“ tomonida ekanligi Abdulha- midni cho‘chitib qo‘ydi. U 1908-yilning 24-iyul kuni kons- titutsiyani tiklashga majbur bo‘ldi. Parlamentga saylov o‘tkazishni va’da qildi. 1908-yilgi Turkiya inqilobi g‘alaba qozondi.
1909-yil 13-aprel isyoni
Biroq, eski tartib tarafdorlari har qan- day islohotga qarshi edilar. Ularning ichida ruhoniylarning o‘rni kuchli edi. Ruhoniy-
larning „Ittihodi Muhammadi“ partiyasi „Yosh turklar“ni xu- dosizlikda aybladi.
„Ittihodi Muhammadi“ partiyasining tarafdori bo‘lgan har- biylar 13-aprelda aksilinqilobiy isyon ko‘tardilar. Isyonchilar parlamentni bekor qilishni, shariat va sulton hokimiyatining tikla- nishini talab qildilar. Abdulhamid II ga aynan shu kerak edi. Shuning uchun ham u isyonchilar talabini tezda bajardi.
„Yosh turklar“ arboblaridan bir qismi Saloniki va Adrianopolga qochib ketdilar. Saloniki va Adrianopoldagi harbiy qismlar „Yosh turklar“ tarafida edi. „Yosh turklar“ o‘zlariga sodiq harbiy qismlari bilan 26-aprelda isyonchilar hukumatini ag‘darishdi. Sulton Abdul- hamid taxtdan ag‘darildi. Taxtga uning ukasi Mahmud V Rishod (1909—1918) o‘tqazildi. Parlament qayta tiklandi.
Ichki va tashqi ahvol
„Yosh turklar“ inqilobi buyuk davlatlarni tashvishga solib qo‘ydi. Ular Turkiyadagi ichki siyosiy beqarorlikdan foydalanib,
yanada ko‘proq o‘ljaga ega bo‘lib olishga harakat qilganlar. 114

1911-yilda Italiya Liviyani bosib olgach, Buyuk Britaniyaga xayrxoh „Hurriyat va birdamlik partiyasi“ „Yosh turklar“ huku- matini noqobillikda aybladi. Ular 1912-yil 5-avgustda mamlakatda davlat to‘ntarishi o‘tkazishdi.
Tez orada, Turkiyaning tashqi ahvoli yanada yomonlashdi. 1- va 2- Bolqon urushlarida Turkiya Bolqondagi ta’siridan deyarli to‘la ajraldi. Bu hodisa „Hurriyat va birdamlik“ hukumatini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi.
Shunday sharoitda, „Yosh turklar“ rahbarlaridan biri Anvar- bey boshchiligida 1913-yilning yanvarida isyon ko‘tarildi. „Hurriyat va birdamlik“ hukumati ag‘darildi. Hokimiyat yana „Yosh turklar“ qo‘liga o‘tdi.
Hokimiyat 3 kishidan iborat „Uchlik“ deb atalgan guruh (An- var, Tal’at va Jamol) qo‘liga o‘tdi. Uchlikka Anvar poshsho rahbarlik qildi. „Uchlik“ Germaniya bilan yaqinlashish siyosatini davom ettirdi.
„Uchlik“ning Germaniya bilan yaqinlashishi Germaniyaning Turkiya imperiyasi hududlariga da’vo qilmayotganligi bilan izoh- landi.
Germaniya panturk va panislom mafkuralarini o‘ziga shior qilib olgan „Uchlik“ni qo‘llab-quvvatlay boshladi. Bu mafkura g‘oyalari Antanta manfaatlariga zid edi.
Bundan tashqari, Germaniya Turkiya imperiyasining bo‘linishiga qarshi chiqa boshladi. Bunday sharoitda Germaniya „Yosh turklar“ ko‘z o‘ngida Turkiyaning yagona „himoyachisi“ga aylandi. Endi Germaniya Turkiyani ittifoq shartnomasi tuzishga unday boshladi. Va nihoyat, 1914-yilning 2-avgustida maxfiy suratda ittifoq shart- nomasi tuzildi. Bu shartnomani imzolash bilan Turkiya hukmron doiralari imperiyani halokatga mahkum etdilar.
Panislomizm — XIX asr oxirida butun musulmon olamini mustamlakachilarga qarshi kurashda birlashtirish to‘g‘risidagi harakatga Rossiya va Buyuk Britaniya imperiyalari, shuningdek, sobiq Ittifoq tomonidan berilgan sun’iy nom.
Panturkizm — turkiy xalqlarni birlashtirish g‘oyasiga Rossiya va Buyuk Britaniya imperiyalari, shuningdek, sobiq Ittifoq tomo- nidan berilgan rasmiy nom.
Senat (lot.) — qadimgi Rimda respublika davrigacha urug‘ oq- soqollarining yig‘ini.
Yosh turklar — 1889-yilda tashkil etilgan turk burjua-pomeshik partiyasi. „Birlik va taraqqiyot“ partiyasi a’zolarining yevropacha nomi.

115

Savol va topshiriqlar
1. Bir vaqtlar dunyoning kuchli davlati bo‘lgan, mustamlakalari uch qit’aga yoyilgan Usmonli turklar imperiyasi nega XIX asr oxiri — XX asr boshlarida amalda yarimmustamlaka holatiga tushib qoldi?
2. „Iqtisodiy bilim asoslari“ fanidan olgan bilimlaringizga tayanib, „moliyaviy bankrot“ tushunchasini izohlab bering.
3. Turkiyada qay tariqa konstitutsiyaviy monarxiya qaror topdi?
4. Nima uchun sulton Abdulhamid II hukmronligi davri Turkiya
tarixida „zulm davri“ deb nom olgan?
5. „Yosh turklar“ inqilobi qay tariqa g‘alaba qozondi?
6. „Yosh turklar“ hukumatining Germaniya bilan yaqinlashishidan
ko‘zlagan maqsadlari nimalardan iborat edi?
7. Turkiya Germaniya bilan ittifoq shartnomasi imzolamasligi mum-
kin edimi? Agar mumkin bo‘lmagan bo‘lsa, nima uchun shunday edi?

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *