Rauf Parfi (1943–2005)

Rauf Parfi (Tursunali Parfiyev) 1943-yil 27-sentabrda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab o‘rta maktabda o‘qidi. Keyin ToshDUning filologiya
fakultetida tahsil oldi. Shundan so‘ng Rauf Parfi adabiy jarayonga faol aralashdi. Respublikaning nufuzli adabiy nashriyotlarida,
turli gazeta va jurnallarda faoliyat ko‘rsatdi.
Shoirning «Karvon yo‘li» nomli birinchi she’rlar to‘plami 1968-yilda nashrdan chiqdi. Shundan keyin uning «Aks-sado», «Tasvir»,
«Xotirot», «Ko‘zlar», «Qaytish», «Sabr daraxti», «Sukunat», «Tavba»,
«So‘nggi vido», «Sakina» kabi she’riy to‘plamlari chop qilindi.
Rauf Parfi she’rlari yuksak badiiyati bilan ajralib turadi. Shoir
ijodida inson erki, Vatan ozodligi, Turkiston yodi, muhabbat
tuyg‘usi kabi adabiy mavzular yetakchilik qiladi. Shoir o‘z quvonchlari, dard-u alami ifodasida, ko‘pincha, tabiat unsurlariga
murojaat qiladi.
Tarjimon sifatida u Bayronning «Manfred», Nozim Hikmatning «Inson manzaralari», Karlo Kaladzening «Dengiz xayoli»,
A. Tvardovskiyning «Zaytun novdasi» asarlari va boshqa ko‘plab
jahon adabiyoti namoyandalarining she’rlarini o‘zbek tiliga
o‘girdi.
Rauf Parfining o‘zbek she’riyatiga qo‘shgan hissasi yuksak baholanib, unga 1999-yil «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni berildi.
Shoir 2005-yilda Toshkent shahrida vafot etdi.
Rauf Parfi
(1943–2005)
81
TONg OTmOqdA
Tong otmoqda, tong o‘qlar otar,
Tong otmoqda, quyosh – zambarak.
Yaralangan Yer shari yotar,
Boshlarida yashil chambarak.
Tong otmoqda, musaffo tongga
Yuragini tutar odamlar.
Shu tong uchun kelgan jahonga,
Va shu tong deb o‘tar odamlar.
Tong otmoqda…
YOmg‘ir YOg‘Ar
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Tomchilar tomchilar sochimga.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar
Ham qayg‘umg‘a, ham quvonchimga.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Men unga ochaman bag‘rimni.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Asta unutaman yomg‘irni.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Oxir meni asir etar ul.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Yog‘a boshlar qog‘ozga ko‘ngil.
YOZ KEChAsi
Yoz kechasi. Osmon – falakda
Kunduzning kitobi o‘qildi.
Tars yorildi qovun palakda,
Oltin shaftolilar to‘kildi.
Dalalarda mudraydi uyqu,
Dala yotar kutib quyoshni.
Ariqlarda doim uyg‘oq suv,
Polizlarga ketadi shoshib.
82
Yoz sha’niga qo‘shiq to‘qilar,
Chigirtkalar chirillar chunon.
Yomg‘ir yog‘ar, go‘yo yog‘ilar
Issiq tuproq ustiga marjon.
Yoz yomg‘iri iliqdir biram,
Shitir-shitir uning qo‘shig‘i.
Bir shirin hid taralar yerdan,
Va yurakka ketar qo‘shilib.
Yana qaytib keldim…
Qaytib keldim yana. Chang to‘zgan
Yo‘limizni sog‘indim, ona.
Tom ustida maysalar o‘sgan
Uyimizni sog‘indim, ona.
Aziz dargoh ostonasida
Sizni qalbim bilan quchayin.
To‘yib-to‘yib sopol kosada
Muzdek quduq suvin ichayin.
Har bir narsa yaqindir menga,
Har bir narsa menga qadrdon.
Qarab qoldingizmi yo‘limga
Issiq nonlar uzib tandirdan?
Koyimangiz meni bu safar,
Unutdi deb uyni, dalamni,
Ne chora bor, dil yonsa agar,
Dil sog‘insa turkiy olamni.
O, qishloqning munis chiroyi,
Achchiq piyoz to‘g‘rayin o‘zim.
Dil sog‘inib yig‘ladi doim,
Hozir, mayli, yig‘lasin ko‘zim.
Targ‘illanib bormoqda osmon,
Oppoq hidga to‘lmoqda bag‘rim.
Aytingiz-chi, bormi sog‘-omon,
Shahlo ko‘zli mening targ‘ilim?
83
Og‘ushimda zangori sezgi,
Kiprigimda suyuq hayajon.
Ko‘zlarimda yumaloq sevgi,
Salomatman men ham, onajon.
Qaytib keldim yana. Chang to‘zgan
Yo‘limizni sog‘indim, ona.
Tom ustida maysalar o‘sgan
Uyimizni sog‘indim, ona.
Yurak
Go‘yo baribirdir yaxshi va yomon,
Yurak, senga borar ko‘chalar ochiq.
Sachrab yonarsan-u, bo‘lmassan tamom,
O‘tkinchi g‘amlarga achchiqma-achchiq.
Yurak, yo‘llaringda turganman takror,
Rosa sayraganman sening to‘g‘ringda.
Kim bilar, aqlimga kelding necha bor,
Necha bor so‘zladim sening yo‘g‘ingda.
Balki, aldaganman vahima yutib,
Sen-da tashvishlarga solgansan, balkim.
Bugun-chi, degayman o‘zimni tutib:
Sen haqsan, baribir, mening yuragim.
Shul osmon ostida kezgaymiz hali,
Mantiq axtargaymiz izg‘ib izma-iz.
Darkor bo‘la qolsang yiqilgil, mayli,
Faqat yiqilmasin sho‘rlik dunyomiz.
Mayliga, hayqiray iymonim haqqi,
Ko‘klarga termulib solayin uvvos.
Men faqat Turkiston atalgan yorqin,
Bir butun Vatanni istayman, xolos.
Garchi tutqinman-ku erkin sehringga,
Unda sobit turar maqsud — manzilim.
Qolib ketmasaydim sening mehringdan,
Qolib ketmasaydim yo‘lda uzilib.
84
Ajoyib diyorsan, qalbim, na chora
Shodlik va hasratning maskani sanda.
Ovoz ber, kuyingni eshitib zora,
Eslab qo‘yarlar-ku hech bo‘lmaganda.
Aytgil, kuylarmanmi bir kun, yuragim,
Aytgil, kuylarmanmi boqmay o‘zimga.
Seni jarroh kabi sovuqqon va jim
Yulib qo‘yarmanmi qog‘oz yuziga.
U payt aldamasding ko‘zimga boqib,
Shodumon dardingni aytarding butkul.
Ungacha ilhomlar kelmagay oqib,
Ungacha dunyoni anglamak mushkul.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *